Qadrli vatandoshlar!

Butun Yer yuzidagi islom ummati bilan birga jonajon Oʻzbekistonimizning barcha moʻmin-musulmonlari ham qutlugʻ va muborak Ramazon oyini xursandchilik bilan kutib oldilar.

Dunyo musulmonlari uchun eng aziz va qadrli boʻlgan, barcha ezgu niyatlar ijobat boʻladigan Ramazoni sharifning kirib kelishi bilan siz, azizlarni, butun xalqimizni chin yurakdan muborakbod etib, barchangizga oʻzimning yuksak ehtiromim va samimiy tilaklarimni izhor etaman.

Avvalo, qalblarimizga iymon nurini bagʻishlaydigan ushbu ulugʻ ayyomni yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik muhitida, oilamiz, el-yurtimiz davrasida kutib olayotganimiz uchun Parvardigori olamga cheksiz shukronalar aytamiz.

Maʼnaviy poklanish, sabr-qanoat, xayru saxovat fazilatlari ziyoda boʻladigan mohi Ramazonni milliy anʼana va qadriyatlarimizga mos, yuksak darajada oʻtkazish, yurtimiz musulmonlarining ibodat amallarini emin-erkin ado etishlari uchun barcha sharoitlar yaratildi.

“Inson qadri – ulugʻ” degan olijanob tamoyilimizdan kelib chiqqan holda, mazkur fazilatli oyda xalqimiz manfaatlarini taʼminlash, yosh avlodimizni bilim-maʼrifat, yaxshi xulq-odob sohiblari etib tarbiyalash, ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, jamiyatimiz, el-yurtimiz oʻrtasida mehr-oqibat va oʻzaro hurmat muhitini mustahkamlash, muqaddas qadamjo va ziyoratgohlar, qabristonlarni obodonlashtirishga qaratilgan savobli ishlarimiz yanada ziyoda boʻladi, deb ishonamiz.

Zero, hadisi shariflarda zikr etilganidek, bu oyda qilingan birgina yaxshilik oʻn karra mukofot boʻlib qaytadi.

Ming afsuski, bugun dunyoning bir qancha mintaqalarida notinchlik, qarama-qarshilik va toʻqnashuvlar sodir boʻlmoqda, begunoh insonlarning qoni toʻkilmoqda. Biz butun xalqimiz bilan birga yaratgan Egamdan dunyoda tinchlik va osoyishtalik qaror topishini, goʻzal diyorimizdagi tinch-osuda hayot bardavom boʻlishini chin dildan soʻrab, Qadr kechalarida ixlos bilan duolar qilamiz.

Fursatdan foydalanib, ushbu shukuhli lahzalarda dunyo moʻmin-musulmonlarini, doʻst va hamkorlarimizni muqaddas Ramazon oyi bilan samimiy qutlab, ularning davlatlari va xalqlariga tinchlik-omonlik, ravnaq va farovonlik tilaymiz.

Ramazoni sharif el-yurtimizga qut-baraka, har bir xonadonga shodu xurramlik, yangi yutuq va omadlar olib kelsin!  

Ramazon oyi yana bir bor barchamizga muborak boʻlsin!

 

Shavkat Mirziyoyev,

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti