Ko'rinish

A
A
A

Shrift o'lchami

0% ga kattalashtirish



Qo'mita nizomi


O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita to‘g‘risida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar

1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita (keyingi o‘rinlarda matnda Qo‘mita deb ataladi) har bir shaxsning vijdon va diniy e’tiqod erkinligi huquqi, fuqarolarning dinga bo‘lgan munosabatidan qat’i nazar tengligini ta’minlash, shuningdek diniy tashkilotlar faoliyati bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish sohasidagi vazifalarni hal etish vakolati berilgan davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.
Qo‘mita o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisob beradi.
2. Qo‘mita o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining qarorlari va boshqa hujjatlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek mazkur Nizomga amal qiladi.
3. Qo‘mita o‘z faoliyatini davlat boshqaruvining boshqa organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, jamoat birlashmalari va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlikda amalga oshiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
4. Qo‘mita faoliyatini moliyalashtirish Qo‘mitaga byudjetdan ajratiladigan mablag‘lar doirasida O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari, shuningdek qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 26 apreldagi 122-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2016 y., 17-son, 176-modda)
5. Qo‘mita yuridik shaxs hisoblanadi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi yozilgan muhrga ega bo‘ladi.
II. Qo‘mitaning vazifalari va funksiyalari
6. Quyidagilar Qo‘mitaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq diniy masalalarni hal qilishda yagona siyosatni amalga oshirish;
davlat organlarining respublika hududida joylashgan diniy tashkilotlar bilan o‘zaro aloqasi va hamkorligini ta’minlash;
davlat siyosatida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan diniy tashkilotlar manfaatlarini aks ettirish.
7. Qo‘mita unga yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
davlat organlarining diniy tashkilotlar bilan o‘zaro munosabatlarini muvofiqlashtiradi hamda vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining ijrosi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
diniy tashkilotlar, shuningdek xorijiy diniy tashkilotlar bilan o‘zaro munosabatlarga doir diniy masalalar bo‘yicha ishlarni olib boradi;
diniy tashkilotlar iltimosiga ko‘ra ularning davlat organlari bilan o‘zaro aloqalariga ko‘maklashadi va hal etilishi talab qilinadigan masalalar bo‘yicha zarur yordam ko‘rsatadi;
diniy tashkilotlar va ularning a’zolari o‘rtasida o‘zaro bir-birini tushunishni va sabr-toqatlilikni mustahkamlash siyosatini o‘tkazadi, ushbu borada tashkilotchilik ishlarini amalga oshiradi;
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining topshirig‘iga ko‘ra vijdon erkinligiga va diniy tashkilotlar faoliyatiga taalluqli normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda qatnashadi;
diniy ta’lim muassasalari faoliyati belgilangan tartibda litsenziyalanishi, litsenziatlar tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishi ustidan nazoratni tashkil qiladi, litsenziyalar reyestrini yuritadi;
respublika doirasida va chet ellarda diniy tashkilotlar o‘rtasida aloqalar o‘rnatilishini tashkil qiladi;
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining mamlakat tashqarisidagi muqaddas joylarga borishini, shu jumladan Haj va Umra ziyoratini amalga oshirishini, fuqarolarni diniy o‘quv yurtlarida ta’lim olish, malaka oshirish va tajriba almashish uchun chet ellarga yuborishni, xorijiy fuqarolarni o‘qishga qabul qilishni, xalqaro anjumanlar o‘tkazilishini tashkil qiladi;
diniy tashkilotlar va O‘zbekiston Respublikasida diniy adabiyotlar nashr qiluvchi nashriyotlar to‘g‘risidagi axborotlarni yig‘ishni ta’minlaydi;
respublikada chiqariladigan yoki chet ellardan keltiriladigan diniy tusdagi mahsulotlarni (matbuot va elektron nashrlarni, audio, video kassetalarni, SD, DVD va boshqa disklarni) ekspertizadan o‘tkazadi va mazkur faoliyatni muvofiqlashtiradi.
8. Qo‘mita o‘ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bevosita hal qiladi.
9. Respublikada joylashgan diniy tashkilotlar bilan mustahkam o‘zaro hamkorlik qilish, turli diniy konfessiyalar faoliyati amalga oshirilishida yordam ko‘rsatish, jamiyatda dinlararo va millatlararo tinchlik va totuvlikni ta’minlash yuzasidan takliflar va chora-tadbirlarni birgalikda ishlab chiqish, konfessiyalararo muloqot madaniyatini rivojlantirish uchun Qo‘mita huzurida Konfessiyalar ishlari jamoatchilik kengashi tashkil etiladi, uning tarkibiga respublikadagi ko‘p sonli diniy konfessiyalar yetakchilari kiradi.
Konfessiyalar ishlari kengashi faoliyati tashkil etilishini ta’minlash uchun 3 kishidan iborat doimiy ishlovchi Kengash kotibiyati tashkil etilgan.
III. Qo‘mitaning huquqlari va javobgarligi
10. Qo‘mita o‘ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralardan, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organlaridan «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi Qonunning hamda dinga taalluqli boshqa qonun hujjatlarining ijrosi masalalariga doir ma’lumotlar va materiallarini so‘rash va olish;
o‘z vakolatlari doirasida diniy tashkilotlarning, shu jumladan diniy o‘quv yurtlarining faoliyatini, ularning o‘quv jarayoni va dasturlarini, o‘quv-tarbiyaviy ishlarini, fanlar bo‘yicha o‘quv rejalarini, diniy mavzudagi ilmiy-tadqiqot ishlarini muvofiqlashtirish, ularga ushbu faoliyatni amalga oshirishda tashkiliy, huquqiy, metodik yordam ko‘rsatish;
diniy tashkilotlar rahbarlaridan zarur axborotlarni belgilangan tartibda talab qilish, shuningdek ular tomonidan o‘tkaziladigan ularning o‘z faoliyati bilan bog‘liq tadbirlarda qatnashish.
Qo‘mita O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
11. Qo‘mita o‘z vakolatlari doirasida belgilangan tartibda vazirliklar, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari bajarishi majburiy bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilishga haqlidir.
Qo‘mita, zarur hollarda, boshqa vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar bilan birgalikda qo‘shma qarorlar hamda boshqa hujjatlar chiqarishga haqlidir.
12. Qo‘mita o‘ziga yuklangan vazifalarning samarali bajarilishi uchun javob beradi.
IV. Qo‘mita faoliyatini tashkil etish
Oldingi tahrirga qarang.
13. Qo‘mitaga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan rais boshchilik qiladi.
(13-bandning birinchi xatboshi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 5 iyundagi 108-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2010 y., 23-son, 183-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Raisning bir nafar o‘rinbosari bo‘ladi belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan.
(13-bandning ikkinchi xatboshi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 5 iyundagi 108-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2010 y., 23-son, 183-modda)
Rais maqomiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi vazirining birinchi o‘rinbosariga, uning o‘rinbosari esa — tegishli ravishda vazir o‘rinbosariga tenglashtiriladi.
14. Rais:
Qo‘mita faoliyatiga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi va Qo‘mitaga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
o‘z o‘rinbosari vakolatlarini belgilaydi, Qo‘mita tizimining boshqa mansabdor shaxslari vakolatlarini belgilaydi;
Qo‘mita tuzilmasiga o‘zgartirishlar kiritadi, xodimlarning belgilangan cheklangan umumiy soni doirasida shtat jadvalini, shuningdek xarajatlar smetasini tasdiqlaydi;
Qo‘mita xodimlarini lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod qiladi.
Rais qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
15. Qo‘mitada rais (hay’at raisi), uning o‘rinbosari (lavozimiga ko‘ra), shuningdek Qo‘mita faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini muvofiqlashtiruvchi tarkibiy bo‘linmalari rahbarlaridan iborat tarkibda hay’at tashkil etiladi.
Hay’atning a’zolari soni va shaxsiy tarkibi Qo‘mita raisining taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Hay’at quyidagilar bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqadi:
Qo‘mita faoliyatining har bir kishining vijdon erkinligi va diniy e’tiqodga bo‘lgan huquqlarini, fuqarolarning dinga munosabatidan qat’i nazar, tengligini ta’minlashni davom ettirish, shuningdek diniy tashkilotlar faoliyati bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish bo‘yicha ushbu Nizomda belgilangan asosiy yo‘nalishlarini tayyorlash va amalga oshirish;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita nomenklaturasiga kiradigan lavozimlarga kadrlarni tanlash, joy-joyiga qo‘yish, tayyorlash va qayta tayyorlash;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlarida, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari va farmoyishlarida belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha ijro intizomini mustahkamlash, ularning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishini ta’minlash uchun Qo‘mita rahbarlari va xodimlarining shaxsiy javobgarligini oshirish.
Hay’at Qo‘mita vakolatiga taalluqli boshqa masalalarni ham ko‘rib chiqish huquqiga ega.
Hay’at majlisiga Qo‘mita vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha boshqa vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar rahbarlari taklif etilishi mumkin.
Hay’at uning majlisida tarkibining yarmidan ko‘pi qatnashgan taqdirda vakolatli bo‘ladi. Ko‘rib chiqilayotgan masalalar bo‘yicha qarorlar oddiy ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilinadi.
Hay’at qarorlari Qo‘mita qarorlari va raisning buyruqlari bilan amalga oshiriladi. Rais va hay’at a’zolari o‘rtasida kelishmovchiliklar paydo bo‘lgan taqdirda rais paydo bo‘lgan kelishmovchiliklar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga axborot bergan holda mustaqil ravishda qaror qabul qiladi. Hay’at a’zolari ham o‘z fikr-mulohazalarini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga xabar qilishlari mumkin.
Hay’at faoliyati tartibi uning hay’at tasdiqlaydigan reglamentida belgilanadi.
(15-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 5 iyundagi 108-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2010 y., 23-son, 183-modda)
16. Qo‘mitani qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.


Diniy ekstremizmga qarshimiz

Davlat dasturlari