Falsafa fanlari doktori, professor Saidmuxtor Saidqosimov O‘zbekiston mustaqilligining ilk yillarida Birinchi Prezidentimiz rahbarligida o‘zbek davlatchiligining qaror topishida xizmatlari alohida bo‘ldi. Saidmuxtor Saidg‘oziyevich mas’ul lavozimlarda ishlar ekan, ma’naviyatimiz yuksalishiga bevosita daxldor bo‘lib keldi. 
 
Shu ma’noda muallifning “Ulug‘ insonlar ma’naviyati” sarlavhali kitobi jamoatchiligimizda muhim voqea bo‘ldi. Publitsistik ocherk janriga mansub ushbu kitobda jamoat arbobi, muftiy, diplomat, islomshunos va arabshunos olim Shamsiddin Ziyovuddinxon o‘g‘li Boboxonov timsolida O‘zbekiston tarixida boboxonovlar sulolasi faoliyati haqida hikoya qilinadi.
 
Shuni aytish kerakki, 2014 yilda Bahodir Umrzoqovning “Hazrati Eshon” sarlavhali kitobi ham mazkur oilaga bag‘ishlangan bo‘lib, unda o‘tmish ajdodlar hayoti badiiy lavhalarda jonlantirilgan edi. “Ulug‘ insonlar ma’naviyati” publitsistik ocherkini esa hujjatli qissa deyish mumkin.
 
Bugungi globallashuv zamonda yoshlar ma’naviyatini shakllantirishda ko‘zda tutilmagan murakkabliklar paydo bo‘lmoqda. Ommaviy madaniyat xurujidan saqlanish, mafkuraviy immunitet hosil qilish muhimdir. Mafkuraviy immunitetga ega bo‘lish uchun yoshlarimiz zararli axborotni qabul qilmasliklari kerak. Buning uchun oldindan ongu shuurimiz xalqimizga xos azaliy qadriyatlar bilan band bo‘lishi muhim. “Ulug‘ insonlar ma’naviyati” kitobi esa aynan millatimizga xos qadriyatlar durdonasining mujassamidir. Demak, yoshlarimiz ongida bo‘shliq bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi, xalqimiz ma’naviyati merosi ishonchli manba vazifasini o‘taydi.
 
Tarixiy shaxslar haqida gap ketganda jamiyatimiz uchun, o‘sib kelayotgan avlodlar uchun o‘rnak bo‘ladigan o‘nlab, yuzlab buyuk siymolar ko‘z o‘ngimizda gavdalanadi. Ulardan biri Boboxonovlar sulolasidir.
 
Asrlar bo‘yi ma’naviyat olamida mashhur bo‘lgan bu avlod vakillari haqiqat va to‘g‘rilikni, ma’naviy poklik va ezgulikni, insoniy xislatlarni moddiy boyliklardan ustun qo‘yganligi bilan ibratlidir. Eshon Boboxon ibn Abdulmajidxon, ularning o‘g‘illari Ziyovuddinxon, nabiralari Shamsiddinxon tomonidan uzoq yillar davomida millionlab musulmonlarning ma’naviy pokligini asrash, islom ta’limotining asl mohiyatini to‘g‘ri tushungan holda ularning diniy e’tiqodini saqlash va mustahkamlash yo‘lida olib borgan sa’yi harakatlari samarali bo‘lgan.
 
Sir emas, mustabid zamonda din arboblari uchun oson bo‘lmagan. Hozirgi kunda yurtimizda vijdon erkinligi haqidagi qonunga binoan diniy bilim olish uchun hamma sharoit yaratilgan. O‘tmish azoblarining yuzini teskari qilsin. Lekin hozirgi navqiron avlod o‘tmishdoshlari chekkan qiyinchiliklarni bilishi kerak. O‘shanda bugungi kun qadri yaqqol ayon bo‘ladi. Kitobda sho‘ro zamonida diniy masaladagi turlicha qarashlar muayyan vaqtda o‘zgarib turganligi bayon etiladi. Qator manbalarda ta’kidlanishicha, og‘ir urush yillari (1941-1945) sovet davlati rahbari I.V.Stalin britaniyalak mashhur din arbobi X.Jonson bilan Moskvadagi uchrashuvlarda bildirilgan uning qator dalillari va tavsiyalarini hisobga olib, fashizmga qarshi kurashda dindor kishilarning xalq orasidagi katta ta’sir kuchidan ham foydalanish maqsadida bu sohadagi ayovsizlik bilan amalga oshirilayotgan “diniy arboblarni qirib tashlash” siyosatini keskin yumshatishga majbur bo‘lgan. 
 
Urush avjiga chiqqan paytda Toshkentda O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari idorasi ochildi. Unga islom ilmini chuqur o‘rgangan 85 yoshli Eshon Boboxon ibn Abdulmajidxon ibn Yunusxo‘ja raislikka tayinlanadi. O‘sha yillarda olingan fotosuratlarda madrasalarda Lenin haykali, yana bir masjid peshtoqida Stalin portreti, minoraga o‘rnatilgan qizil bayroqlar diniy maskanlar sovet davlati nazoratida ekanligini ifodalab turadi.
 
Kitob muallif nomidan bayon qilish usulida yozilib, uning boshidan oxirigacha Boboxonovlar sulolasiga hurmat va ihlos munosabati sezilib turadi. Darhaqiqat, pok va ezgu niyat yo‘lida odamlarga mehri tovlanib turgan mo‘’tabar insonlar bilan xalqimiz har qancha faxrlansa arziydi.
 
Og‘ir davrlarda ham qator yuqori martabali rahbarlarga xos donolik vujudga kelgan g‘oyaviy kelishmovchilik vaziyatini yumshatishga xizmat qilgan. Jumladan, bunday holatni Sharof Rashidov (1917-1983 yillarda yashagan) misolida ko‘rish mumkin. Bu buyuk davlat rahbarining serqirra faoliyatidagi bir yo‘nalish — dinga munosabati, aniqrog‘i, musulmonchilikka e’tibori alohida ahamiyat kasb etadi.
 
Yuksak ma’naviyat olamining taniqli vakili bo‘lgan Sharof akaning aslida diniy masalalarda bosiqligi va ehtiyotkorligi, hukmron tuzum qanchalik qattiq talab qilmasin, ota-buvalar e’tiqodiga sadoqatini saqlab qolganligi, cheklangan imkoniyatlar darajasida ham musulmonchilikni asrash, qadimiy obidalarni e’zozlash, ta’mirlash ishlariga, norasmiy yo‘llar bilan bo‘lsa-da, homiylik qilganligini yaqin safdoshlari yaxshi bilishgan.
 
Davlat ishlari bilan qanchalik band bo‘lmasin, qalbi bilan adabiyotga mehr qo‘ygan, xalqning dilini, kayfiyatini sezish, barcha hayotiy jarayonlar murakkabliklarini chuqur anglash va ularni badiiy mahorat bilan aks ettirishga intilgan bu atoqli yozuvchi o‘zbek milliy qadriyatlari asrlar davomida islom dinining insonparvarlik ruhi ta’sirida rivoj topganligi, ularni hech qanday sun’iy yo‘llar va to‘siqlar bilan tubdan o‘zgartirib bo‘lmasligini butun vujudi bilan his qilgan.
 
Kitobda, shuningdek, Usmon Yusupov, Po‘lat Habibullayev, Mirzamahmud Musaxonov kabi rahbarlarning qiyin davrda ham dinning barqarorligi uchun xayrixohlik ko‘rsatganligi hayotiy dalilar asosida hikoya qilinadi.
 
Istibdod zanjiri iskanjaga olgan davrlarda U.Yusupov rahbarligida amalga oshirilgan ikkita xalq xo‘jaligi uchun nihoyatda zarur loyiha alohida ahamiyat ksb etadi. Ulardan biri 1939-1940 yillari Ittifoqdagi gidrotexnik inshoot — 350 kilometr uzunlikdagi Katta Farg‘ona kanalining qurilishi bo‘lib, uni yuz minglab keksayu yosh hasharchilar kecha-kunduz tinim bilmay, qo‘l mehnati bilan amalga oshirganlar.
 
Ikkinchi ulkan loyiha urush eng avjiga chiqqan 1943 yil fevral oyida boshlanib, 1948 yili tugallangan Farhod GESidir. Uni qurishning azoblari deyarli barcha xizmatga layoqatli erkaklar frontda bo‘lganliklari uchun asosan ayollar zimmasiga tushgan. Kuniga 60 mingdan ziyod ishchi qatnashgan o‘sha yillardagi bu eng yirik energetika inshooti bunyod etilishiga asir olingan nemis va yapon askarlari ham jalb qilingan.
 
Islom dinida har bir insonning ko‘pchilikka, xalqqa manfaati tegadigan ishlarni ado etishi, boshqalarga yaxshilik, foyda keltiruvchi amallarni bajarishi eng oliy fazilatlardan hisoblanib, buning evaziga unga boqiy dunyoda ham doimiy savoblar yog‘ilib turishi alohida ta’kidlanadi. Tinib-tinchimagan tashabbuskor rahbar — Usmon Yusupovning urush yillaridagi ulkan xizmatlarining jonli shohidi bo‘lgan mashhur yozuvchi Konstantin Simonov xotiralarida yodga olinadi. 
 
Muallif o‘zi tanlagan qahramonlarini o‘ta sinchkovlik bilan tadqiq etadi. Ayniqsa, Shamsiddin Boboxonov to‘g‘risida jozibali satrlar bitadi. Zero, u zot haqida fikr yuritish mas’uliyati — yangi tariximizdagi bu taniqli shaxsning keng va boy ichki dunyosini, yillar davomida tinimsiz ilmiy izlanishlar natijasida shakllangan olimona tafakkuri teranligini, yon-atrofda to‘xtovsiz davom etadigan o‘zgarishlar va holatlarni ilmiy zehn bilan izchil kuzatib, o‘rganib, o‘z fikriga ega holda chuqur xulosalar qilish, ayniqsa, bu jarayonda islom falsafasiga asoslangan mulohazalar yuritish, turli nuqtai nazar egalari bilan ochiq munozara va muzokaralar ola borish kabi qobiliyatlarini to‘laligicha yoritib berish bilan bog‘liq.
 
U kishining e’tiborni tortuvchi xususiyatlaridan biri, nazarimda, ochiq chehrasidan, atrofga mayin nazar tashlovchi ko‘zlaridan nur taralib, har bir ko‘rishgan, uchrashgan odamni o‘ziga qaratar edi. Ular bilan muloqotda bo‘lgan ko‘plab suhbatdoshlarda ayni shunday taassurot yodda qolgan. Umuman, Sh. Boboxonov o‘z davrining obro‘li, ko‘zga ko‘ringan arbobi bo‘lganligi hammaga ma’lum. Kitobda ul zotning biz bilmagan jihatlari haqida ham hikoya qilinadiki, bu tariximizda buyuk insonlar o‘tganligini anglatadi.
 
Shamsiddin Boboxonovning 1985 yili Iordaniya Qirolligi akademiyasining haqiqiy a’zosi etib saylanishi uning xalqaro miqyosda yetuk arabshunos, islomshunos, yirik din arbobi sifatida tan olinishi bo‘lgan. Sababi — 1980 yili Iordaniya Qiroli Husayn Bin Talol tomonidan Ommon shahrida tashkil etilgan “Islom sivilizatsiyasi tadqiqotlari Qirollik akademiyasi”ning (“The Royal Academy for Islamic Civilization Research”) bu yuqori ilmiy unvoni siyosiy rasmiyatchilik yuzasidan ko‘pgina rahbarlarga beriladigan ramziy ma’nodagi faxriy yorliq emasdi. Bu martabaga erishish uchun har bir nomzoddan katta ilmiy salohiyat talab qilingan.
 
2017 yil hisobiga ko‘ra, akademiyaning 99 haqiqiy va 19 muxbir a’zosi yuqori talablar asosida tanlangan G‘arb va Sharq ilm olamida taniqli arabshunos va islomshunos olimlardan iborat. Bunday akademiyaning a’zosi bo‘lish har bir olim uchun sharafli hisoblanadi. 
 
1982 yili Sh.Boboxonovning faol ishtirokida Iordaniya Qirollik akademiyasi va O‘zbekiston Fanlar akademiyasi o‘rtasida islom sivilizatsiyasiga oid qadimiy qo‘lyozmalarni o‘rganish, ularning fihristini (katologini) tuzish va nashr ettirish, ilmiy asarlar bilan almashish bo‘yicha hamkorlik bitimi imzolangan. Shunday bitim uning tavsiyasi bo‘yicha Moskvadagi Sharqshunoslik instituti bilan ham amalga oshirilgan.
 
Iordaniya Qiroli Hasan ibn Husaynning 2000 yili 19 iyulda akademiya faoliyatini takomillashtirish maqsadida qabul qilgan maxsus farmoniga asosan uning ustavi yangilanib, nomi “A’l Al-Bayt islomiy fikr Qiroliy Instituti” (The Aal al-Bayt Institute for Islamic Thought) deb ataladi. Qirolzoda G‘ozi Bin Muhammad uning Prezidenti hisoblanadi.
 
Butun umrini ilmga bag‘ishlashga qat’iy ahd qilgan Shamsiddinxon o‘rni kelganda o‘z tengdoshlariga bu borada otalaridan eshitgan ko‘plab oyat va hadislarni eslashni, ularni sharhlab berishni yaxshi ko‘rardi.
 
Keyinchalik ham Qur’ondagi: “Ey rabbim, ilmimni ziyoda qil, deb ayt!” (Toxo surasi, 114-oyat); “Alloh Taolo sizlarning orangizdan imon keltirganlar va ilmga berilganlarning darajasini yuqori qilur” (Mujodala surasi, 11-oyat); “Biluvchilar bilan bilmaydiganlar teng bo‘lurmi?” (Zumar surasi, 9-oyat) kabi muqaddas oyatlar, hadislardagi “Ilm izlash har bir musulmon uchun farzdir” (Bayhaqiy); “Kimki Alloh uchun ilm olishga intilsa, u doimo Uning yo‘lida yurgan bo‘ladi” (At-Termiziy); “Vafot etgan kishi o‘zidan keyin barchaga foydali ilm qoldirgan bo‘lsa, nomai a’moliga mudom savob yozilib turadi” (Al-Buxoriy); “Ilm o‘rgatuvchi yoki o‘rganuvchi bo‘lmagan kishi mening ummatimdan emasdir” (Ibn-Najjor rivoyati) kabi dono fikrlar Shamsiddin aka ma’ruzalarida ko‘p ishlatilardi...
 
“Men yosh aspirant Boboxonovni birinchi marotaba 1962 yil avgust oyida Moskvadagi Ulyanov ko‘chasida joylashgan SSSR Fanlar akademiyasining yotoqxonasida ko‘rgan edim, — deb eslaydi muallif. — U yerdagi barcha respublikalardan kelgan yosh ilmiy xodimlar qatorida O‘zbekistondan ham borgan ko‘plab aspirantlar Shamsiddin akaga samimiy hurmat bildirib, ular bilan yaqinlashishga, suhbatdosh, do‘st bo‘lishga intilganlari esimda qolgan”.
 
Aslida yosh ingliz mutaxassisini Moskvaga yaxshi niyat — arab tilini ham o‘rganish, uning barcha xususiyatlarini puxta bilish, bu sohadagi yirik ilmiy markazlardan birida o‘qib, haqiqiy arabshunos bo‘lish orzusi yetaklagan edi.
 
Bo‘lajak olimning qat’iy qaror bilan SSSR Fanlar akademiyasining mashhur Osiyo xalqlari institutiga (bu dargoh 1960-1970 yillarda shunday atalgan, 1971 yili yana avvalgi “Sharqshunoslik instituti” nomi qaytarilgan) yo‘l olgani o‘z maqsadiga yetishishida birinchi va to‘g‘ri qadam bo‘lgan.
 
1963 yil 3 yanvar kuni oliy niyatlar bilan Qohira universitetiga yo‘l olgan Sh.Boboxonov deyarli uch yarim yil davomida qadimiy arab zaminida lisoniy tadqiqotlar olib borgan. 1966 yilning 4 may kuni tajribali arabshunos sifatida vataniga qaytgan Shamsiddin aka Misrda o‘tgan talabalik yillari nihoyatda muhim va samarali, bir umr unutilmas taassurotlarga to‘la bo‘lganligini juda ko‘p marta minnatdorchilik bilan ta’kidlardilar.
 
Butun arab dunyosida nom taratib, qator yirik shaharlarda o‘z bo‘limlarini ochgan Qohira universitetida Shamsiddin aka borgan yillari 12 ta fakultetda (hozir 26 ta) 64 ming studentga (hozir 250 mingga yaqin) 3 mingta pedagog (bugungi kunda 5 mingdan ko‘p o‘qituvchi-professorlar va 12 mingdan ortiq xodimlar) ta’lim bergan. Uning kutubxonasida 500 mingdan ortiq kitob va qo‘lyozmalar jamlangan. Bu dargohni Yasir Arafat (Falastin rahbari), Butros Butros G‘oliy (BMT Bosh kotibi), Najib Maxfo‘z (Nobel mukofoti laureati), Muhammad al-Baradey (MAGATE Bosh direktori), Ahmad Nozif (Misr Respublikasi Bosh vazirlaridan biri), Umar Sharif (taniqli aktyor) kabi yuzlab mashhur shaxslar bitirishgan.
 
Arab tilini mukammal o‘rganish maqsadida Sh.Boboxonov Qohira universitetining “Dar al-Ulum” — arab filologiyasi fakultetiga biriktirilgan. U butun vujudi bilan o‘qishga berilib, o‘sha davrda mashhur Misr yozuvchisi va tarixchi olimi, zamonaviy arab adabiyotining asoschilaridan biri Toxa Husayn (1889-1973) tomonidan endigina tashkil qilingan klassik arab filologiyasi kafedrasida o‘z tadqiqotlarini boshlagan va bu mohir pedagogning sermazmun leksiyalari, foydali suhbat va maslahatlaridan bahramand bo‘lgan.
 
Shamsiddin aka o‘sha davrni xotirlashicha, unga ustozlik qilgan bu olimning 1965 yili Qohiradagi arab tillari akademiyasining Prezidenti etib saylanganligi arab ziyolilari tomonidan ko‘zi tug‘ma ojiz bo‘lganligiga qaramay, ilm-fan va madaniyatning yuksak cho‘qqilariga erisha olgan bu temir irodali allomaning arab tili va adabiyoti tarixini o‘rganishga qo‘shgan ulkan hissasiga berilgan oliy ehtirom sifatida baholangan.
 
1963-1966 yillar davomida Qohirada muttasil o‘qish jarayoni yosh tadqiqotchining nafaqat arab tilining boyishiga, ayni paytda uning diniy bilimlari ham kengayib, islomiy e’tiqodi kuchayishiga kuchli turtki bergan.
 
1964 yili Misr Oliy ta’lim vazirligi sovet tadqiqotchilarining islomga bo‘lgan katta qiziqishlarini hisobga olib, ularning bir guruhini ham lisoniy, ham diniy bilimlarini chuqurlashtirish maqsadida Al-Azhar universitetiga yo‘llagan. Shamsiddin aka uchun bu ayni muddao edi. Boshidanoq o‘z vaqtini to‘g‘ri rejalashtirib, bu maskanning ham katta ilmiy salohiyatidan unumli foydalanib qolish padari buzrukvorining bosh maslahatlaridan biri edi.
 
Ziyovuddinxon 1947 yili lisoniy va diniy bilimlarini oshirish va arab dunyosidagi obro‘li ulamolar bilan hamkorlik rishtalarini o‘rnatish maqsadida Al-Azhar universitetida shayx Abdulloh Fukkoiy va shayx Hofiz Tiyjoniylardan dars olgan. So‘ngra Makka va Madina shaharlarida ham qator ustozlardan bilim olib, 1948 yili vataniga qaytgan. Keyinchalik ham har bir imkoniyatdan foydalanib, Al-Azharga tashrif buyurish, bu yerdagi olimlar bilan muloqotda bo‘lish, ular bilan ilmiy suhbatlar o‘tkazishga intilgan. 1953 yili haj safariga borgan musulmonlar guruhi bilan qaytishda maxsus Qohirada to‘xtab, Al-Azharni ziyorat qilgan va uning rektori Abdurahmon Tojning o‘zbekistonlik hojilar sharafiga bergan qabul marosimida nutq so‘zlagan. 1970 yili Al-Azharning yangi rektori Muhammad ibn Muhammad al Fahhom boshchiligidagi shayxlar delegatsiyasi muftiy Z.Boboxonov taklifiga ko‘ra O‘zbekistonga tashrif buyurib, o‘zbek xalqi mehmondo‘stligidan bahramand bo‘lgan. Bunday yaqin aloqalar natijasida bu oliy islom o‘quv yurtida diyorimiz talabalarining ilm olishlari uchun imkoniyatlar vujudga kelgan. Shamsiddin akaning so‘zlariga ko‘ra, “otalari beqiyos qalb qo‘rlarini ayamagan misrlik va saudiyalik ustoz va murabbiylarini bir umr chuqur minnatdorchilik bilan eslab yurdilar”.
 
Sh.Boboxonov hayotidagi tub o‘zgarish O‘zbekistonning endigina mustaqil davlat sifatida shakllanayotgan davr bilan bog‘liq. U paytda respublika nihoyatda og‘ir muammolar changalida edi. Jumladan, mustaqil tashqi siyosatni shakllantirish va amalga oshirish mutlaqo yangi yo‘nalish bo‘lib, bunda qator qiyin masalalarni qisqa muddatlarda hal qilish talab qilingan. O‘nlab davlatlar bilan aloqalar o‘rnatish uchun yetarli darajada professional diplomatlar yetishmasligi, elchixonalar yo‘qligi, bu sohada tajribaning kamligi hal qilinishi zarur murakkab vazifalar qatorida bo‘lgan.
 
Rivojlangan mamlakatlarda vakolatxonalarimiz birin-ketin ochilib kelayotgan payt — 1994 yilning yoz oylarida Yaqin Sharqdagi e’tiborli davlat — Misr Arab Respublikasida ham elchixona ochish masalasi maqsadga muvofiq, deb topildi. Bunday qarorning ijrosi elchi tanlashdan boshlanardi. Ko‘plab nomzodlar ichida Sh.Boboxonov eng munosib, degan xulosaga kelindi. 
 
Iste’dodli olim istiqlolimizning ilk davrida o‘zbek diplomatiyasining vakili sifatida namoyon bo‘ldi.
 
Yirik olim Toshkentga qaytgach, butun kuchi va vaqtini sevimli ishiga — yangi ilmiy asarlar yaratishga qaratganligi ziyo ahli uchun quvonarli yangilik edi. Keyinchalik ketma-ket e’lon qilingan ilmiy-tarixiy asarlar, nafaqat ko‘p sonli do‘stlari, shogirdlari, balki millionlab o‘quvchilar uchun Boboxonovdan doimiy esdalik bo‘lib qoldi.
 
Bugun Shamsiddin aka ish stolida ikkita yirik qo‘lyozmani ko‘rib, hayratga tushish mumkin. Birinchisi — 1992 yil belgilangan “Osnovnыe xadisы o dobronravii: perevod i tolkovaniye” mavzusida rus tilida yozilgan 270 betlik 2 qism, 8 bob, 18 bo‘limdan iborat falsafa fanlari doktori ilmiy darajasi uchun yozilgan dissertatsiya. Unda bu mavzuga oid yuzlab hadislar birinchi marotaba arab tilidan rus tiliga tarjima qilingan va barchasiga batafsil sharh va izohlar berilgan. Uning kichik qismi 1998 yili rus tilida Abdulla Qodiriy nashriyotida bosilgan “Velikiye muxaddisы o mire i drujbe mejdu narodami” kitobida, undan avval 1986 yili arab tilida Moskvada e’lon qilingan.
 
Ikkinchi qo‘lyozma — “Vvedeniye v diplomatiyu” nomli rus tilida Qohirada 1997 yili katta xalqaro faoliyat tajribasiga ega diplomat tomonidan yozilgan, 9 bobdan iborat, 172 betli, muqovalangan, yaxshi tahrir qilingan, narga tayyor kitob.
 
Zabardast olimning qanchadan-qancha orzu va rejalari armonga evrilganligini his qilamiz...
 
Ma’naviyat — inson ruhiga ta’sir etuvchi, ezgu qadriyatlarni e’zozlovchi jozibador olamdir. Uning noyob durdonalaridan bahramand bo‘lgan zamondoshimiz o‘z kindik qoni to‘kilgan zaminning har qarichini ko‘ziga surtadi, ona Vatanini yanada go‘zal ko‘rish uchun astoydil intiladi. O‘zbekiston zaminida yashab o‘tgan buyuk insonlar ma’naviyati hamisha millatimizga kuch-qudrat ato etgusidir. 
 
Shuhrat JABBOROV,
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist