Kecha, 8 sentyabr kuni kechqurun o‘zbekistonlik hojilarning dastlabki guruhlari Vatanga sog‘-salomat qaytdilar.

Toshkent xalqaro aeroportida ziyoratchilarimizni Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda boshqa davlat va jamoat vazirlik va tashkilot vakillari kutib oldilar.

Mazkur reysda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Haj ziyoratini amalga oshirgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari borligi quvonarli hol albatta. Ularning yuzlarida porlayotgan quvonch, ko‘zlaridagi sevinch yoshlari bizni juda quvontirdi. Mutasaddi tashkilotlar tomonidan fahriylarimizga hurmat-ehtirom ko‘rsatilib, ziyoratlarini sog‘-salomat amalga oshirganliklari uchun cho‘pon kiydirildi va alvona gullar taqdim etildi.

Ko‘tarinki kayfiyatda qaytgan ziyoratchilarimiz yuqori saviyada tashkil etilgan sharoitlardan minnatdorchiliklarini bildirdilar. Jumladan, Toshkent shahridan urush fahriysi Akromov Akmal ota shunday deydi: "Mana biz urush faxriylariga Haj ibodatini bajarish nasib etdi. Anashunday muborak maskanlarda yurtimiz tinchligi, muqaddas Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligini tilab duoyi xayrlar qildik. Bu kunni nasib etgan Alloh taolaga shukurlar aytamiz xamda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga mana shunday sharoitlarni yaratib bergani uchun minnatdorchilik bildiramiz. Shuningdek, haj ziyoratini tashkil yetishda qatnashgan tashkilot vakillariga kattakon rahmat aytamiz".

“Mana bugun xaj ziyoratini ado etib, yurtimizga eson-omon qaytib keldik. Bizlarga shunday sharoitlarni tashkillashtirib bergan barcha mutasaddi tashkilotlarga minnatdorchilik bildiramiz. Saudia Arabistonida turli davlatlardan kelgan ziyoratchilarni ko‘rdik. Ularga yaratib berilgan sharoitlar oldida bizniki juda yuqori darajada. Bizlarga biriktirilgan transport, oziq-ovqat ta’minoti va tibbiy xizmat yo‘lga qo‘yilgani, mehmonxonada maxsus jihozlangan oshxona hamda tibbiyot markazi tashkil etilgani bizni juda hursand qildi. Ayniqsa yurtimiz oshpazlari tomonidan tayyorlangan lazatli taomlar, turli xil shirinliklar, meva mahsulotlari hamda maxsus tayyorlangan tort ulashilgani bizga juda mamnun bo‘ldi.” - deydi ziyoratchi Mavlonova Muhabbat.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 8-24 sentyabr kunlari hojilarimizni “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK samolyotlarida Jidda-Toshkent, Jidda-Buxoro, Jidda-Samarqand, Jidda-Qarshi, Jidda-Namangan, hamda Jidda-Urganch yo‘nalishlari bo‘yicha O‘zbekistonga olib kelish rejalashtirilgan.

 

Axborot xizmati