1.JPG

Bundan roppa-rosa yigirma olti yil muqaddam Birinchi Prezidentimiz, buyuk davlat va siyosat arbobi, o‘zbek xalqining atoqli farzandi Islom Karimov O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligini e’lon qilgan edi.

O‘zbekiston xalqi istiqlol yillarida erishilgan barcha olamshumul yutuq va marralarni mamlakatimizning Birinchi Prezidenti nomi va faoliyati bilan bog‘laydi. Islom Karimov bugungi va ertangi kunining hal qiluvchi kuchi bo‘lmish yoshlarimizning ongu tafakkuri va dunyoqarashini butunlay o‘zgartirib, har tomonlama barkamol avlodni voyaga yetkazishning yangi prinsipial tizimini tashkil qilish va uni hayotga joriy etishga bevosita rahbarlik qildi. 

...2017 yil. 31 avgust. Birinchi Prezidentimiz ko‘p yillar davomida faoliyat olib borgan Toshkent shahridagi Oqsaroy qarorgohi, unga tutash ko‘rkam maydon va xiyobon. Musaffo osmon, mahzun musiqa sadolari ostida davlatimiz bayrog‘i hilpiraydi. 

Bu yerga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, hukumat a’zolari, O‘zbekiston Qahramonlari, fan va madaniyat, adabiyot va san’at namoyandalari, jamoat tashkilotlari, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan xorijiy davlatlar elchixonalari, xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari rahbarlari, talaba-yoshlar, yurtimizdagi milliy madaniyat markazlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri vakillari Islom Karimov haykali ochilishiga bag‘ishlangan tantanali marosimda ishtirok etish uchun jam bo‘lgan. 

Majmuaga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashrif buyurdi va nutq so‘zladi.

Islom Karimov millatning haqiqiy yetakchisi sifatida ona xalqini, go‘zal va betakror O‘zbekistonni jonidan ham ortiq sevar, uning manfaatlarini himoya qilish va ro‘yobga chiqarishni o‘z hayotining bosh maqsadi, deb bilar edilar, dedi davlatimiz rahbari. U kishi o‘zining “Elim deb, yurtim deb, yonib yashash kerak”, degan g‘oyasiga bir umr amal qilib, kelajak avlodlar uchun buyuk ibrat maktabini yaratdilar. 

Prezidentimiz bugundan boshlab ushbu majmua butun xalqimiz uchun qutlug‘ va tabarruk qadamjo bo‘lib qoladi, albatta, dedi. 

Mayin musiqa sadolari ostida Shavkat Mirziyoyev va Birinchi Prezidentimiz rafiqasi Tatyana Karimova Islom Karimov haykalini ochdi. Buyuk Yurtboshimiz haykali poyiga gul qo‘yib, uning xotirasiga hurmat bajo keltirdi. 

Birinchi Prezidentimiz mustaqil O‘zbekistonni 25 yil davomida boshqarib, ochiq fuqarolik jamiyati va bozor iqtisodiyotiga asoslangan huquqiy demokratik davlat qurishning chuqur o‘ylangan strategiyasini ishlab chiqqan va uni amalga oshirgan buyuk davlat arbobi sifatida mamlakatimizda va xalqaro maydonda yuksak obro‘-e’tibor qozondi. 

Birinchi Prezidentimiz boshlab bergan olamshumul islohotlar bugun davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida izchil davom ettirilmoqda. 

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 25 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risida”gi qarori xalqimizning o‘zining buyuk farzandiga cheksiz hurmat va sadoqatining amaliy ifodasi bo‘ldi. Qarorda ko‘zda tutilganidek, Birinchi Prezidentimiz nomini abadiylashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirildi. 2016 yil oktyabr oyida Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoat fondi tuzildi. Toshkent shahar, Yashnobod tumanining Farg‘ona yo‘li ko‘chasidagi jom’e masjidga “Islom ota” nomi berildi. Samarqand shahrida Islom Karimov muzeyini tashkil etish bo‘yicha salmoqli ishlar qilindi. Qaror ijrosi doirasida Toshkent davlat texnika universiteti, Asaka shahridagi avtomobil zavodi, Farg‘ona shahridagi San’at saroyi, Toshkent xalqaro aeroporti, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardagi markaziy ko‘chalarga Islom Karimov nomi berildi. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahriga bir necha bor tashrif buyurib, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov qabrini ziyorat qildi. Islom Karimov dafn etilgan joyda barpo etilayotgan yodgorlik majmuasi loyihasi bilan tanishib, uni takomillashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. 

Davlatimiz rahbarining 2016 yil 2 dekabrdagi “Buyuk davlat va siyosat arbobi, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov siymosi tasvirlangan haykalni yaratish bo‘yicha xalqaro ijodiy tanlovni tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan Buyuk Yo‘lboshchimiz siymosi tasvirlangan haykalni yaratish bo‘yicha xalqaro ijodiy tanlov e’lon qilingan edi. 

Tanlov natijalariga ko‘ra, haykaltarosh, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi, O‘zbekiston san’at arbobi Ilhom Jabborov yaratgan haykal g‘olib, deb topildi. 

Marosimda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi M.Ahmedov, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Sh.Karimov, O‘zbekiston xalq artisti G.Melnikova, Toshkent shahridagi “Chilonzor” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi O.Mutalov, FIFA referisi, “El-yurt hurmati” va “Buyuk xizmatlari uchun” ordenlari sohibi R.Ermatov, Birinchi Prezidentimizning rafiqasi Tatyana Karimova Islom Abdug‘aniyevich Karimov o‘z xalqini cheksiz muhabbat bilan sevgani, o‘zining so‘nggi kunlariga qadar butun hayotini O‘zbekistonga xizmat qilishga bag‘ishlagani, uning so‘nmas xotirasi minnatdor yurtdoshlarimizning, butun xalqimizning qalbida abadiy saqlanib qolishini ta’kidladi. 
 
* * *

Eng ulug‘, eng aziz ayyom – Vatanimiz mustaqilligining 26 yillik bayrami nishonlanayotgan qutlug‘ kunda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Mustaqillik maydoniga tashrif buyurib, hurriyatimiz, porloq istiqbolimiz va ezgu niyatlarimiz ramzi bo‘lgan Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gulchambar qo‘ydi. 

Shu kuni Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi, Vazirlar Mahkamasi, vazirliklar, idoralar va jamoatchilik nomidan ham gulchambarlar qo‘yildi.