O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Media-markazida Xalqaro press-klub tomonidan o'tkazilgan sessiya shunday nomlandi.
Sessiyada Din ishlari bo'yicha qo'mita, O'zbekiston musulmonlari idorasi, “Vaqf” xayriya jamoat fondi va Toshkent islom instituti vakillari, ekspertlar, milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Prezidentimizning 2018 yil 16 apreldagi “Diniy-ma'rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoniga asosan, “Vaqf” xayriya jamoat fondi tashkil etildi. Fondning faoliyati aholi qulay elektron tizimi orqali zakot va ehsonlarini fond hisob raqamiga yuborishi va bu bilan masjid, ziyoratgoh, diniy ta'lim muassasalarini qurish va ta'mirlash ishlari, ijtimoiy himoyaga muhtoj, shu jumladan, imkoniyati cheklangan shaxslarni moddiy-ma'naviy qo'llab-quvvatlash hamda ko'plab boshqa ezgu maqsadlarga hissa qo'shishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Ayni paytda fondga “Payme”, “Click” va “M-bank” elektron to'lov tizimlari orqali mablag'larni jalb etishga mo'ljallangan xizmatlar ishga tushirildi. Toshkent shahridagi 12 ta yirik masjid va “Zangiota” ziyoratgohi hududiga “Kapitalbank”, “Ipotekabank” va “Ipak yo'li bank”larining infokiosklari o'rnatildi. Fondga naqd pul, plastik kartalari va elektron to'lov tizimlari orqali tushayotgan mablag'lar maxsus dastur yordamida yagona serverda to'planib, tahlil qilinadi. Fondning alohida hisob raqamida to'plangan mablag'larning maqsadli sarflanishida shaffoflikni ta'minlash to'g'risidagi ma'lumotlar ham taqdim etib boriladi.
Sessiyada fond faoliyati, maqsad va vazifalari, tushayotgan mablag'larni qanday tartibda, kimlarga yo'naltirilayotgani haqida so'z yuritildi. Uning ahamiyati va qulayligini aholiga tushuntirish borasida hududlardagi imom-xatiblar tag'ibot-tashviqot ishlarini olib borish lozimligi ta'kidlandi.
Shuningdek, sessiyada soha mutaxassislariga jurnalistlar tomonidan berilgan savollarga batafsil javob qaytarildi. 

Matbuot xizmati