Unda Malayziya sayyohlik kompaniyalari va operatorlari assotsiatsiyasi va turistik agentliklari vakillari ishtirok etdi. 

Uchrashuvda ishtirokchilarga mamlakatimizning boy tarixi, madaniyati, betakror tabiati, tarixiy va madaniy merosi, yurtimizda tobora rivojlanib borayotgan diniy, gastronomik, ekologik, qishki va tranzit turizmi imkoniyatilari haqida ma’lumot berildi. 

O‘z navbatida, malayziyalik ishbilarmonlar O‘zbekistonda turizm sohasini yanada rivojlantirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganini qayd etdi. Malayziya fuqarolari uchun O‘zbekistonda viza rejimi bekor qilinishi, qolaversa, bank tizimidagi islohotlar, chegara va bojxona infratuzilmasining xalqaro me’yorlar asosida qayta tashkil etilayotgani, aeroportlarda tashkil qilingan “yashil yo‘lak” va ibodat qilish uchun yaratilgan sharoitlarga yuqori baho berildi. 

– O‘zbekiston bilan Malayziya sayyohlik sohasida ulkan salohiyatga ega, – dedi Malayziya sayyohlik kompaniyalari va operatorlari assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Oqil Yusuf. – Tadbirda mamlakatimizning 50 dan ortiq sayyohlik kompaniyasi O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish borasida olib borilayotgan o‘zgarishlar bilan yaqindan tanishdi. Aytishim mumkinki, bugun O‘zbekistonning tarixiy obidalari Malayziya turizm bozorida tobora ko‘proq qiziqish uyg‘otmoqda. Mamlakatingiz imidjini ko‘tarishdagi sa’y-harakatlar tufayli yaqin kelajakda O‘zbekiston sayyohlarning eng sevimli maskanlaridan biriga aylanishiga ishonamiz. 

Tadbirda “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi tomonidan parvozlar geografiyasini kengaytirish yo‘nalishida olib borilayotgan ishlar sayyohlar oqimini oshirish imkonini berishi alohida qayd etildi. 

Jumladan, joriy yildan milliy aviakompaniyamiz “Kuala-Lumpur – Toshkent – Tel-Aviv” yo‘nalishi bo‘yicha tranzit parvozni yo‘lga qo‘ydi. Bu ziyoratchilar uchun O‘zbekiston bo‘ylab ikki kunlik sayohat qilish imkonini yaratdi. Shuningdek, “Kuala-Lumpur – Toshkent – Moskva – Sankt-Peterburg – Buxoro” yo‘nalishi bo‘yicha parvozni amalga oshiradigan yo‘lovchilar ham uch kun davomida mamlakatimizning rang-barang urf-odatlari, mehmondo‘st xalqi, turmush tarzi bilan tanishishi mumkin. Kelgusida O‘zbekiston bilan Saudiya Arabistoni o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovning ochilishi “Kuala-Lumpur – Toshkent – Jidda” yo‘nalishida parvozlarni yo‘lga qo‘yish va “Umra Plyus” dasturini ishga tushirish uchun sharoit yaratadi. 

– Har gal O‘zbekistonga borganimda, meni ajib hislar chulg‘ab oladi, – dedi Malayziya turizmni rivojlantirish kengashi a’zosi Abdul Hamid Ahmad. – Bu kechinmalar bilan o‘rtoqlashishni istayman. Shu bois bu galgi safar asnosida mamlakatingizning madaniy-tarixiy merosi haqida hikoya qiluvchi hujjatli videofilm suratga olishga qaror qildik. Endi Malayziya va Indoneziya aholisi Sharqning durdona shaharlari haqida yanada aniq tasavvurga ega bo‘ladi. 

Muloqot chog‘ida Malayziyaning sayyohlarni jalb qilishdagi ilg‘or tajribasini o‘rganishga e’tibor qaratildi. Sayohat mavsumida mamlakatning turizm infratuzilmasini ortiqcha yuklamalardan xoli qilish, transport tizimini takomillashtirish, faol mehmonxona va onlayn to‘lov uchun elektron platforma joriy etish va mobil xizmatlar sifatini yaxshilash yuzasidan fikr almashildi. 

Tadbir so‘nggida joriy yil avgust oyida Malayziyada ikki mamlakat sayyohlik kompaniyalarining B2B formatdagi uchrashuvini o‘tkazish, O‘zbekiston va Malayziyada tashkil qilinadigan xalqaro turizm yarmarkalarida tomonlarning faol ishtirok etishini ta’minlashga kelishib olindi.

Manba: http/www.uza.uz