“Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmonida O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondini tashkil etish belgilangan.

Farmonda tegishli idoralarga fuqarolardan zakot, fitr va boshqa xayriya mablag‘lari sifatida tushadigan mablag‘lar “Vaqf” xayriya jamoat fondining alohida hisob raqamida to‘planishi hamda zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan (shu jumladan, Internet tarmog‘i orqali onlayn kuzatish imkoniyatini yaratgan) holda mablag‘larning tushishi va sarflanishida to‘liq shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha amaliy ko‘mak berish topshirilgan.

Shu munosabat bilan, Adliya vazirligi tomonidan O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Mazkur tashkilotning asosiy maqsadi ko‘p asrlik milliy va diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, dunyo ilm-fan va madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ajdodlarimizning bebaho merosini o‘rganish, xalqimizga azal-azaldan xos bo‘lgan ma’rifatparvarlik, bag‘rikenglik, mehr-muruvvat, bunyodkorlik kabi ezgu fazilat va qadriyatlarni davom ettirishga ko‘maklashish hisoblanadi.

Ushbu fondning tashkil qilinishi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonunda belgilangan fuqarolarning huquqlarini amalga oshirishlari uchun yana bir imkoniyat bo‘ldi.

Adliya vazirligi tomonidan Fond boshqaruv rahbari Jaloliddin Xamraqulovga fondning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risida guvohnoma topshirildi va uning kelgusidagi faoliyatiga muvaffaqiyatlar tilandi.

 
https://t.me/huquqiyaxborot